Yaqinda viloyatimizga Yevropa ta’lim tizimidagi ilg‘or yondashuvlarni joriy etish, ingliz tilini o‘rgatishni yanada takomillashtirishga qaratilgan maxsus loyiha asosida filippinlik pedagoglar tashrif buyurib, ayni kunlarda 2-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilarga ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha faoliyat olib bormoqda. Muxbirimiz loyiha ishtirokchisi bo‘lgan pedagog miss Kler Besera bilan muloqotda bo‘ldi.
—
O‘zingizni tanishtirsangiz, Filippinda qaysi ta’lim muassasasida
ishlagansiz?
— Mening ismim Kler Antonio Besera. Filippinlik litsenziyalangan professional o‘qituvchiman. Sakkiz yildan ortiq bo‘lgan pedagogik tajribam davomida o‘rta maktab va oliy ta’lim bosqichlarida dars berganman. Faoliyatim mobaynida jamiyatshunoslik, akademik maqsadlar uchun ingliz tili, tadqiqot, biznes, TLE, matematika va statistika kabi fanlarni o‘qitganman. 2014 yilda bakalavr darajasini oldim, 2018 yilda Professional Pedagogika kursini tugatganman, 2020 yilda Biznes boshqaruvi bo‘yicha magistrlik darajasini olganman. Hozir esa San-Xose-Rekoletos universitetida maxsus ta’lim bo‘yicha magistrlik o‘qishini davom ettirayapman. Darsdan tashqari blog yozish va kundalik yuritish bilan shug‘ullanaman — bu mening nutq madaniyatimni rivojlantirib, talabalarni o‘z fikrlarini ingliz tilida bayon etishga ilhomlantiradi. O‘qituvchilik mening kasbimgina emas, — bu men uchun insonlarga imkoniyat yaratish vositasi. Sinfda bo‘ladimi, onlayn bo‘ladimi — men doimo qo‘llab-quvvatlovchi, rag‘batlantiruvchi muhit yaratishga harakat qilaman.
— O‘zbekiston haqida bu yerga kelmasdan avval qanday
tasavvurda edingiz?
— O‘zbekistonga kelmasimdan oldin ko‘nglimda qiziqish va hayajon bor edi. Samarqand, Buxoro kabi tarixiy shaharlar, sershovqin bozorlari, rango-rang me’morchiligi bilan ertakni eslatadi deb o‘ylardim. Bu erdagi odamlar mehmondo‘st ekanligini, oilaviy qadriyatlarga sodiq bo‘lishini tasavvur qilardim — bu esa mening yurtimdagidek jamoaviylik hissini beradi deb o‘ylardim. Albatta, ayrim qiyinchiliklar — sovuq mavsumga moslashish, o‘zbek yoki rus tilini o‘rganish, yangi maktab tizimiga ko‘nikish kabilarni kutgandim. Lekin bular men uchun to‘siq emas, imkoniyat bo‘lib tuyulgan. O‘zbekiston men uchun tarix, mehr va yangi tajribalarga boy yurt bo‘lib ko‘ringan va bu erda o‘qituvchi sifatida ham, inson sifatida ham o‘sishimga ishonardim.
— Bizning ta’lim tizimimiz haqidagi dastlabki
taassurotlaringiz qanday?
— Filippinlik o‘qituvchi sifatida O‘zbekiston ta’lim
tizimini avvaldan tartibli, an’anaviy va o‘qituvchini katta hurmat qilishga
asoslangan deb tasavvur qilganman. O‘quvchilar intizomli, odobli, ta’limni esa
kelajakka yo‘l deb biladigan muhit bo‘ladi deb o‘ylaganman. Biroq
shu bilan birga, tizim islohot jarayonida ekani, zamonaviy yondashuvlarni
qo‘llashga intilayotgani, ingliz tiliga e’tibor kuchaygani ham sezilardi. Bu
an’ana va o‘zgarishlar birgaligi menda umid va qiziqish uyg‘otdi.
— Filippin va O‘zbekiston maktablari o‘rtasida qaysi
asosiy farqlarni ko‘rdingiz?
— Eng katta farq — sinfdagi rasmiylik darajasi.
O‘zbekistonda o‘quvchilar o‘qituvchini juda hurmat qilishadi. O‘qituvchi
sinfga kirganda hurmat yuzasidan o‘rnilaridan turishadi, dars davomida
jim tinglashadi. Filippinda esa sinflar jonliroq, o‘quvchilar faol muloqot
qilishadi. O‘zbekistonda an’anaviy o‘qitish usullari va fanni puxta
o‘zlashtirishga urg‘u katta. Filippinda esa guruhli ishlar, jonli faoliyatlar
va o‘quvchi markazidagi yondashuvlar ko‘proq. Shuningdek, til masalasida
katta farq bor. Filippinda ingliz tili ta’limda juda keng
qo‘llaniladi. O‘zbekistonda esa ingliz tili hali rivojlanish yo‘lida — shuning
uchun o‘quvchilar ba’zan inglizcha gapirishga uyaladi yoki ishonchsiz
bo‘ladi.
— O‘quvchilarning ingliz tiliga qiziqishi
kutganingizdagidekmi?
— Men kutganimdan ham kuchliroq ekan. Ko‘p o‘quvchilar
juda qiziqadi, kelajakda imkoniyatlar ochilishini yaxshi tushunishadi. Faqat ishonch darajasi turlicha. Ba’zilar qiziqqan, lekin
gapirishga uyalishadi, boshqalar uchun ingliz tili qiyin tuyuladi.
Lekin to‘g‘ri rag‘bat, qiziqarli mashqlar va yordamchi muhitda ularning
ishonchi tez o‘sadi.
— O‘zbekiston maktablaridagi sharoitlar haqida
fikrlaringiz?
— O‘zbekiston maktablari juda tartibli va pokiza. Ba’zi
sinflarda zamonaviy texnika bor, ba’zilarida esa an’anaviy usullar ko‘proq
qo‘llaniladi. Lekin eng kuchli jihat — o‘quv muhiti: o‘quvchilar tinch,
intizomli, o‘qituvchilar hurmatli. O‘quv texnika jihozlari
hamma sinflarda bo‘lmasligiga qaramay, ta’limga bo‘lgan munosabat yuqori
darajada.
— O‘quvchilar bilan ishlash siz uchun oson bo‘ldimi
yoki qiyin?
— Ko‘pincha oson va yoqimli. Ular hurmatli, intizomli va
o‘rganishga tayyor. Faqat ba’zilari inglizcha so‘zlashishdan uyalishadi —
shuning uchun ishonchni oshirish uchun qo‘shimcha mashqlar, muloqot va rag‘bat
kerak bo‘ladi.
— O‘quvchilarning chet tilini o‘rganishdagi
kuchli tomonlari qanday?
— Birinchi navbatda intizomlilik, diqqatli
tinglash, yozish va qayd etishga mas’uliyat. O‘rganishga ichki
motivatsiya rag‘bat bersangiz, o‘quvchilarning faollashib ketishi bor
gap. Menga ayniqsa o‘quvchilarning sa’y-harakat va mehnatsevarligi
yoqdi.
— Bizning mamlakatda sizga nimalar ko‘proq yoqdi?
Madaniyat, odamlar, muhit haqida taassurotlaringiz?
Eng yoqqan jihat — odamlarning mehmondo‘stligi va
samimiyligi. Har erda — maktabda, bozorda, ko‘chada — odamlar juda samimiy va mehribon. O‘zbekistonning boy madaniyati, tarixiy me’morchiligi, musiqasi va taomlari
meni mahliyo qildi. Shuningdek, bu erdagi tinchlik, tartib va xavfsizlik menga
juda yoqdi.
— Kelajakda ham O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishni
istaysizmi?
— Albatta, davom ettirmoqchiman. Bu yerda olgan
bilimlarim va tajribam juda qadrli. Talabalar, hamkasblar bilan o‘rnatilgan
iliq munosabatlar, o‘rgangan yangi metodlar — barchasi menda O‘zbekiston bilan
kelajakda hamkorlik qilish istagini uyg‘otdi. O‘zbekiston ta’limi
rivojlanib borayotgan mamlakat va bu jarayonda kichik bo‘lsa-da hissa
qo‘shish men uchun sharaf.
Suhbatdosh A. NISHONOV.
Tarjimon F. TOJIBOEVA.
Izohlar (0)
Izoh qoldirish
Hozircha izohlar yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!