- Ta’lim sifatini oshirish va pedagog nufuzini yuksaltirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi. Farg‘ona viloyati hokimligi va Davlat boshqaruvi samaradorligi agentligining viloyat filiali hamkorligida o‘tkazilgan «Istiqbolli davlat xizmatchisi – 2025» tanlovi mamlakatimizda malakali, mas’uliyatli va fidoyi kadrlar korpusini shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarning amaldagi ifodasidir.
- Tanlovda 700 nafardan ortiq nomzod ishtirok etib, besh bosqichli saralash jarayonida o‘z bilim, mahorat va kasbiy kompetensiyalarini namoyish etdi. Nomzodlar davlat xizmatiga oid bilimlar, muloqot madaniyati, chet tilini bilish darajasi, test sinovlari va amaliy topshiriqlar asosida xolis baholanib tumanimizdagi 16-maktab direktori Nasiba Saydamatova g‘oliblardan biri sifatida alohida e’tirof etildi.
- Taqdirlash marosimi yuksak saviyada tashkil etildi. Farg‘ona viloyati hokimligi va boshqaruv samaradorligi agentligi xodimlariga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Tanlov bizga bilim va mahoratimizni namoyish etish, tengdoshlarimiz bilan tajriba almashish imkonini berdi, — deydi N. Saydamatova. Saydamatova yaqinda amalga oshirgan Xitoyga xizmat safari davomida ushbu mamlakatdagi ta’lim tizimi, vatanparvarlik tarbiyasi va boshqaruv madaniyati bilan tanishib, qator ilg‘or tajribalarni o‘rganib qaytdi. U bu bilimlarni o‘z maktab amaliyotiga joriy etishni rejalashtirmoqda. Uning kelgusi rejalari quyidagilardan iborat: o‘quvchilar uchun qo‘shimcha o‘quv dasturlarini joriy etish, xalqaro va milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan bitiruvchilar sonini oshirish, pedagoglar malakasini oshirishga qaratilgan yangi yo‘nalishlarni joriy qilish, davlat xizmatchisi sifatida yurt taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish. Nasiba Saydamatova rahbarlik qilayotgan ta’lim maskanida keyingi yillarda qator natijalar qayd etilmoqda. Bir qator o‘qituvchilar 70 foizlik ustamaga sazovor bo‘lgan, o‘ndan ziyod pedagoglarning toifalari oshgan, o‘tgan o‘quv yilida bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari yuqori darajani tashkil etgan. Bu kabi yutuqlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilangan ta’limga oid normalarning hayotdagi amaliy ifodasidir. Xususan 50-moddasida har bir fuqaro ta’lim olish huquqiga ega ekani, davlat uzluksiz ta’lim tizimini rivojlantirish, maktabgacha va umumiy o‘rta ta’limni kafolatlash vazifasini o‘z zimmasiga olishi, 52-moddasida esa o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlat taraqqiyotining asosi sifatida e’tirof etilishi, pedagoglar sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy hamda kasbiy farovonligini ta’minlash kabi qoidalar ta’lim sohasidagi islohotlarning asosiy poydevoridir.
- N. Nishonov.
#davlat_xizmatchisi, #toshloq
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating:
Izohlar (0)
Izoh qoldirish
Hozircha izohlar yo'q. Birinchi bo'lib fikr bildiring!