Tumandagi 21-sonli umumta’lim maktabi filialida “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida qo‘shimcha bino qurilishi boshlandi. Mazkur loyiha ta’lim muassasasining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda o‘quvchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan.

Qurilish ishlari boshlanishi munosabati bilan birinchi g‘isht terish marosimi o‘tkazildi. Ushbu tadbirda Toshloq tuman hokimi A.Djuraboyev, tuman IIB boshlig‘i A.Kattabekov, Maktabgacha va maktab ta'limi bo'limi muhandislari, shuningdek mahalla oqsoqollari ishtirok etdilar.

Marosim davomida so‘zga chiqqanlar “Tashabbusli byudjet” loyihasi aholi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa ta’lim sohasini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladilar.

Qo‘shimcha bino qurilishi yakunlangach, maktab filialida ta’lim jarayonini yanada samarali tashkil etish, o‘quvchilar sonini qamrab olish hamda o‘quv sharoitlarini yaxshilash imkoniyatlari kengayadi.

Tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan ta’lim muassasalarida infratuzilmani rivojlantirish, zamonaviy sharoitlar yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.